Dars kuzatish va tahlil qilish orqali o`quvchilarning umumiy tayyorgarligi, bilim olishdagi faoliyati, o`quv faniga bo`lgan qiziqishi, diqqat bilan ishlashi, matn, xarita, jadval, asboblar bilan mustaqil ishlay bilishi, o`qituvchiga bo`lgan munosabati aniqlanadi. Shu bilan birga o`qituvchining faoliyati ham tahlil qilinadi. Chunonchi, o`qituvchining o`quv dasturi materiallarini bilish darajasi, yangi mavzuni tushuntirish jarayonida asosiy fikrni ajratib olishi, ilmiylik va soddalik, ko`rgazmalilik tamoyillariga rioya qilishi, dars maqsadini to`g`ri qo`yishi, dars jarayonini to`g`ri rejalashtirishi, darsda hamkorlikka erisha olishi, bilim va ko`nikmalarni o`zlashtirishni nazorat etishi, o`quvchilar bilan yakka va jamoada ishlashni tashkil eta bilishi, dars mobaynida vaqtdan unumli foydalanishi va pedagogik muomala madaniyatini egallaganlik darajasi kabi jihatlar inobatga olinadi.
O`qituvchining darsini bir necha marta kuzatish va tahlil qilish, uning pedagogik mahorati, ish tizimi, o`quvchilarining o`zlashtirishi, bilim darajasi kabi sohaviy va kasbiy layoqati yuzasidan xulosa chiqarish imkonini beradi.
Ta`kidlash joizki, umumiy o`rta ta`lim maktab o`qituvchilarining darslarini tahlil qilishda ko`pincha kuzatuvchilar darsga yaxlit tizim sifatida qaramay ko`proq tashqi jihatlariga baho beradilar, darsning mazmun-mohiyati xususida yuzaki mulohaza yuritadilar. Shuningdek, dars tahlilida o`qituvchining ko`rsatmali qo`llanmadan foydalanishi, didaktik kartochkalar bilan ishlashi va hokazolar aytiladi-yu, ammo ulardan nima maqsadda, qaysi vaziyatda foydalanilgani, qanchalik samara berganligi, vaqt taqsimotiga to`g`ri amal qilinganligi, o`quvchilarning yosh xususiyatlarini hisobga olgan-olmaganligi kabi masalalar to`g`risida fikr yuritilmaydi. Bundan tashqari yana bir jiddiy kamchilik o`qituvchining o`zini o`zi tahlil qilishiga e`tibor qaratmaslikdir. O`zini-o`zi tahlil qilish tamoyili o`qituvchining o`z faoliyatidagi yutuq va kamchiliklarini aniqlash va bartaraf etishga oid maqsadli yo`lni belgilab olishiga asos bo`ladi. O`qituvchilar aksariyat hollarda dars jarayonida quyidagi xato va kamchiliklarga yo`l qo`yadilar. Jumladan:
- dars maqsadi bilan o`quvchilarni tanishtirmaslik;
- interfaol metodlardan samarasiz foydalanish;
- dars jarayonida barcha o`quvchilarning ishtirokini ta`minlay olmaslik;
- o`quvchilar bilan yakka va jamoa tartibda ishlashga erisha olmaslik;
- o`quvchilarning mustaqil ishlashini ta`minlamaslik.
- o`quvchilar bajargan ishlarini vaqtida baholamaslik;
- o`qituvchi nutqining ravon ta`sirchan emasligi;
- mavzuni amaliyot bilan bog`lab tushuntirmaslik;
- mavzuni ilmiy va amaliy nuqtai nazardan tushuntirishga e`tibor bermaslik;
- sinf doskasi, darslik, o`quvchi daftari, qo`shimcha adabiyotlardan foydalanishning tizimli yo`lga qo`yilmaganligi;
- O`quvchilarga beriladigan savollarning muammoli tarzda tuzilmaganligi kabilar.
Darslar aniq maqsad asosida kuzatilishi va tahlil qilinishi lozim. Shundagina natijasi samarali bo`ladi va o`quv jarayoni yuzasidan aniq xulosa chiqarish imkonini beradi. Dars tahlilida tizimsizlik, aniq bir maqsadning yo`qligi, darsga tasodifan qatnashish, darsni chuqur tahlil qila olmaslik, o`qituvchiga amaliy yordam ko`rsata olmaslik esa darslar sifatining va saviyasining pasayib ketishiga olib keladi.
Darslarni tahlil qilish faqatgina metodik ahamiyatga ega bo`lmay, balki maktabda o`quv-tarbiya jarayoniga rahbarlik va nazoratning muhim shakllaridan biridir. O`qituvchi darsini kuzatish va tahlil qilish amaliyotining tizimli amalga oshirilishi darslarni qiyoslash va yo`l qo`yilgan xatolarning bartaraf etilganligini aniqlash imkoniyatini beradi. O`qituvchilarning o`zaro dars kuzatishi tajriba almashinuv jarayoni bo`lib, dars o`tayotgan o`qituvchi bor mahoratini ishga solib, yuqori ishchanlik bilan faoliyat ko`rsatsa, tahlil qiluvchi o`qituvchi esa taklif va mulohazalar berish orqali tajribasini boyitadi, metodik malakasini oshiradi.
Dars tahlili o`quv mashg`ulotini kuzatish, o`rganish shaklida olib boriladi. Shu o`rinda savol tug`iladi. O`qituvchining darsi kim tomonidan kuzatilishi lozim? Qanday maqsad bilan kuzatiladi va tahlil qilinadi? O`qituvchining darsi viloyat XTB, tuman, xalq ta`limi bo`limi, ta`lim muassasalari rahbarlari, xodimlari, metodistlar va o`qituvchilar tomonida kuzatiladi va tahlil qilinadi.
Buning uchun, eng avvalo, darsga kirishdan maqsad nimadan iborat ekanligini aniqlab olish zarur. Dars quyidagi maqsadda kuzatiladi va tahlil qilinadi:
- ta`lim va tarbiya jarayoni sifatini aniqlash;
- o`qituvchining pedagogik mahoratini oshirishga yordam berish;
- ilg`or ish usullari va metodlarini o`rganish va ommalashtirish;
- o`qituvchilarning o`zaro tajriba almashishi;
- o`quvchilarning bilimi va tarbiyalanganlik darajasini aniqlash;
- ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish;
- o`quvchilarning bilish faoliyatini o`rganish;
- dars jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo`lgan xato va kamchiliklarning oldini olish, o`qituvchiga amaliy va metodik yordam ko`rsatish;
- ta`lim-tarbiya jarayonida o`quvchilar psixologik xususiyatlarini o`ziga xosligini e`tiborga olish;
- darsda o`quvchilarni faollashtirish va mavzuni o`zlashtirishlarini e`tiborga olinganligi.
Dars — o`quv jarayonining juda ko`p ta`lim-tarbiya qirralarini hal qiluvchi asos hisoblanadi. Shunga ko`ra darsni kuzatuvchi va tahlil qiluvchilardan maxsus tayyorgarlik ko`rish talab etiladi.
Darsni tahlil qilish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi.
1.Darsni kuzatishga tayyorgarlik.
2.Darsning borishini kuzatish.
3.O`z-o`zini tahlil qilishni ta`minlash.
4.Dars tahlili va takliflar berish.
Darsni tahlil qilishda quyidagilarga e`tibor qaratish tavsiya etiladi.
- Darsni kuzatishdan oldingi tayyorgarlik:
- dars kuzatishdan ko`zlanayotgan maqsad va vazifalarni shakllantirish;
- kuzatiladigan darsni aniq belgilab olish;
- dars kuzatish tuzilmasini tayyorlash;
- kerakli materiallarni tayyorlash; o`qituvchi bilan suhbatlashish.
- Darsning maqsadlarini tahlil qilishda:
- o`quv fani va mavzuning o`ziga xos tomonlari, o`quvchilar yoshi va bilim darajasi e`tiborga olingan holda ta`lim-tarbiya maqsadining to`g`ri va asosli qo`yilganligi;
- o`quvchilarning tayyorgarligi, o`rganilayotgan mavzu bo`yicha darslar tizimidagi aynan shu darsning o`rnini hisobga olgan holda maqsad qo`yilishining to`g`riligi va asoslanganligi;
- dars asosiy g`oyasining to`g`ri qo`yilishi va o`quvchilarga maqsadning yetkazilishi, maqsadga erishish darajasi.
- Dars tuzilmasi va darsning tashkil qilinishini tahlil qilishda:
- dars tuzilmasining dars maqsadlariga mosligi;.
- darsning turi, strukturasining puxta o`ylanganligi;
- dars bosqichlarining mantiqiy ketma- ketliligi va bir- biri bilan bog`liqligi;
- dars bosqichlari uchun vaqtning to`g`ri taqsimlanganligi;
- o`qitish shakllarining to`g`ri tanlanganligi;
- dars rejasining mavjudligi va uning o`qituvchi tomonidan bajarilishini tashkil qilish;
- dars jihozlari. O`qituvchi va o`quvchilarning mehnatini unumli tashkil qilish.
- Dars mazmunini tahlil qilishda.
- dars mazmunining Davlat ta`lim standarti talablariga mosligi;
- materiallarning ishonchliligi, to`liqligi, tushunarliligi;
- bayon qilinayotgan materialning ilmiy darajasi;
- darsning tarbiyaviy yo`nalishi, ta`limiy ta`sir darajasi;
- darsni hayot, mehnat tarbiyasi va kasbga yo`naltirish bilan bog`lash;
- o`quvchilar tomonidan yangi bilimlarni qabul qilishdagi qiyinchiliklarni bartaraf etish;
- yangi materialning asosiy g`oyasini ajratish. Yangi tushunchalarni shakllantirish. Tayanch bilimlarning muhimligini ko`rsatish.
- O`quvchilarning mustaqil ishlarini tashkil qilish
- Mashq va topshiriqlarning xususiyatlari, mustaqil ishlarning turlari, murakkablik darajasi, o`quvchilar tayyorgarlik darajasining hisobga olinganligi;
- o`qituvchi tomonidan tushuntirish ishlarining olib borilishi;
- o`qituvchining yordami. Yangi materialning o`zlashtirilganlik darajasi;
- yangi mavzuning oldingi mavzular bilan bog`langanligi. Takrorlash (tashkil qilish, shakllari, usullari, hajmi).
- Dars o`tish metodikasini tahlil qilish
O`qitishning metod, vosita va usullarini tanlashda o`quv materialining mazmuniga, dars maqsadlariga, sinfning imkoniyatlariga mos tanlanganligi va asoslanganligi. O`qituvchi tomonidan darsning har bir bosqichida metod, usullarni to`g`ri qo`llaganligi, ishlatilayotgan metod va usullarning xilma- xilligi. Ko`rgazmali qurollar, tarqatma materiallar, texnika vositalaridan samarali foydalanilganligi. O`qituvchining metodik qurollanganligini va pedagogik texnikasini baholash.
- O`quvchilarning darsdagi intizomi va ish faoliyatini tahlil qilish
Sinfga umumiy baho berish. Sinfning diqqati va faolligi. Fanga bo`lgan qiziqishi. O`quvchilarning dars bosqichlaridagi layoqati.
O`quvchilarning mustaqil o`quv faoliyatini tashkil qilish. O`quv faoliyati shakllaridan foydalanishning samaradorligi va maqsadga muvofiqligini baholash. Umumta`lim va maxsus ko`nikma hamda malakalarni shakllantirish. Yagona talablarning bajarilishi. Iqtidorli va qoloq o`quvchilar bilan yakka tartibda ishlash. Umumiy va yakka ishlash faoliyatni birgalikda olib borish. Sinfning intizomi va intizomni saqlash usullari.
- O`qituvchining o`quvchilar bilan muloqati.
Pedagogik etikasi, nutqi, ahloqiy va psixolagik iqlimning tashkil etilishi.
- O`quvchilar bilimini baholash
O`kuvchilarga berilgan bilim, ko`nikma va malakaning sifati. Mustahkam va chuqur bilim berilishi.Т’oya va materiallarning asosiy tomonlarini ko`rsata olishi, amaliy ko`nikmalarning egallaganlik darajasi.
Tekshirish turlari. Baholarning jamlanganligi.
- Uy vazifasini tahlil qilish
Uy vazifasini berishdan maqsad va hajmi. Sinfda bajarilgan ish bilan uyga berilgan vazifaning hajmi. Uyga berilgan vazifaning xususiyati (ijodiy, takrorlash, mustahkamlash, rivojlantirish), uy vazifasini berishda o`qituvchining izohi.
Darsni tahlil qilishni quyidagi turlarga bo`lish mumkin:
- Ilmiy tahlil.
- Psixologik tahlil.
- Metodik tahlil.
- Didaktik tahlil.
- Umumpedagogik tahlil.
Ilmiy tahlil-berilayotgan bilimlarning ilmiy –nazariy jihatini, o`quvchi bajarayotgan mustaqil ishning maqsadga muvofiqligini aniqlash demakdir .
Dars kuzatuvchi har bir rahbar darsning ilmiy tahlilida asosan quyidagilarga e`tibor berishi maqsadga muvofiq bo`ladi :
- O`qituvchining ilmiy jihatdan (o`zi mutaxassis bo`lgan fanni ilmiy asosda chuqur bilishi ) qurollanganligi.
- Shu kungi darsga ilmiy jihatdan tayyorgarlik holati.
- O`z mutaxassisligiga oid eng yangi ilmiy –nazariy axborotlar bilan qurollanib borishi.
- Dars jarayonida ilmiy qoida va ta`riflarning to`g`ri bayon etilishi hamda ilmiy atamalarning o`quvchilarga singdirib borilishi.
- Darsda ta`limning o`ziga xos xususiyatlarining hisobga olinishi.
- Darslik materiallarining qo`shimcha adabiyot materiallari bilan boyitilishi.
- O`quvchi bajarayotgan laboratoriya , amaliy hamda mustaqil ishlarning ilmiy yo`nalish bo`yicha maqsadga muvofiqligi.
- O`quvchilar xulosasining ilmiy jihatdan to`g`ri , qisqa va mukammal bayon etilishi hamda uni o`qituvchi tomonidan nazorat qilinishi.
- Dars davomida , yangi mavzuni bayon etish jarayonida ta`lim- tarbiya bilan bog`lanishi.
- O`qituvchi va o`quvchilarning ilmiy nutq madaniyati.
Metodik tahlil – o`qituvchining dars jarayonida qo`llagan usullarining maqsadga muvofiq ekanligi ta`limning turiga va o`ziga xos xususiyatlariga qarab belgilanadi. O`quv materiallarini o`quvchilarga bayon qilish va tushuntirish jarayonida qo`llanilgan usullarning shu materialga mosligi yoki mos emasligi metodik tahlil davomida aniqlanadi.
Shuni alohida ta`kidlash lozimki, o`qituvchi darsda qo`llagan usullarning samaradorligi, rang-barangligi, namunaviyligi uning o`tgan, yangi mavzu materialini o`quvchilarning qay darajada o`zlashtirib olganliklari bilan belgilanadi. Shu boisdan har bir dars kuzatuvchi (o`qituvchi, direktor , ilmiy bo`lim mudiri, inspektor yoki metodist ) dars tahlilining bu turiga alohida e`tibor bilan qarashi kerak.
Dars metodlarini tahlil qilishda quyidagilarni hisobga olish maqsadga muvofiqdir:
- Dars jarayonidagi o`qituvchi va o`quvchilar faoliyatining tashkiliy shakllariga ko`ra:
- a) hikoya usuli;
- b) og`zaki bayon usuli;
- v) suhbat usuli.
- O`quvchilarning o`zlashtirishiga ko`ra:
- a) o`qituvchilarning so`zlash usuli;
- b) ko`rsatmali qurollardan foydalanish usuli;
- v) darslik, konturli karta, diagramma yoki jadvallar bilan ishlash usuli;
- g) laboratoriya asboblari bilan ishlash usuli;
- d) texnika vositalaridan (informatika elektron hisoblash texnikasi, kinofilm, diafilm, radio, televizor kabilar) foydalanish usuli;
- ye) sinf doskasidan, geografiya, tarix yoki zoologiyaga tegishli bo`lgan turli kartalardan foydalanish usuli kabilar.
Didaktik tahlil – ta`lim turlari samaradorligi va uni belgilovchi qonunlar va qoidalarning darsda qanchalik to`g`ri hamda mukammal bajarilganligini tahlil qilish demakdir.
Darsni didaktik jihatdan tahlil qilishda quyidagilarga e`tibor berish o`rinli bo`ladi:
- O`qituvchi bayonining sinf o`quvchilari jamoasiga to`la tushunarli bo`lishi va bu bayonning izchil ravishda o`quvchi ongiga yetib borishi.
- O`qituvchi fikrining ma`naviy-ma`rifiy tarbiya talabiga mos bo`lganligi.
- Barcha o`quvchilarning o`qituvchi berayotgan materialini ongli ravishda o`zlashtirishlari.
- O`qituvchi bayonida rivojlantiruvchi va muammoli ta`limning mavjudligi.
- O`qituvchi fikrining izchiligi.
- Dars jarayonida yoki yangi mavzuni bayon qilishda ko`rsatmali qurollardan, tarqatma materiallar va texnika vositalaridan foydalanishning maqsadga muvofiqligi yoki nomuvofiqligi.
- Ekskursiya, tajriba, laboratoriya va amaliy ishlarning maqsadga yo`naltirilgan holda o`tishga erishilganligi.
- Darslik bilan ishlashning to`g`ri bo`lishi.
- Misollarning ta`lim-tarbiya birligi mazmunida yo`nalishi.
- Darsni ma`lum bir tizimda olib borilishi kabilar.
Umumiy pedagogik tahlil – darsdagi hamma jihatlarning qisqa va yengil ko`rinishidagi tahlilidir.
Darsni umumiy pedagogik jihatdan tahlil qilganda quyidagilarni hisobga olish maqsadga muvofiqdir:
- O`quv xonasi yoki sinf xonasining dars o`tishga tayyorgarlik holati (dars jihozlari).
- O`quv xonasi yoki sinf xonasining sanitariya- gigiyena holati.
- Dars mavzusi va uning ta`limiy, tarbiyaviy maqsadi.
- O`qituvchining mazkur darsga ilmiy-metodik va pedagogik jihatdan tayyorlanganligi darajasi.
- O`qituvchining darsni tashkil etish va dars bosqichlaridan to`g`ri foydalanishi.
- O`qituvchining o`quvchilarga ta`lim –tarbiya berishida pedagogik jihatdan namunali shaxs darajasiga ko`tarila olganligi.
- O`quvchilar bilimiga qo`yiladigan bahoning adolatli va izohli bo`lishi.
- O`quvchilarning darsdagi faolligi, intizomi, mustaqil fikr yuritishi hamda mazkur fan asoslarini o`zlashtirib olganlik darajasi.
- O`quvchilarning darsga munosabati va hurmat bilan qarashi.
- O`qituvchining darsdagi boshqaruvchilik roli va ish uslubi.
- O`qituvchining dars mavzusini ta`lim- tarbiyaga bog`lashi.
- Dars jarayonida yoki yangi mavzuni bayon qilishda o`lkashunoslik materiallaridan foydalanishi.
- Darsda o`quvchilarning sifat o`zlashtirishi.
- O`qituvchining darsdagi ta`limiy va tarbiyaviy maqsadiga to`liq erisha olganligi.
- O`qituvchining ilmiy, metodik va umumpedagogik jihatdan yordamga ehtiyoji kabilar.
Darsni psixologik-pedagogik jihatdan tahlil qilish tizimi:
- Darsning aniq maqsad va vazifalarga bog`liq ravishda tuzilishiga psixologik baho berish.
- a) darsning mavzusi, maqsad va vazifalari:
- b) darsning tuzilishi va uning psixologik jihatdan maqsadga muvofiqligi.
- Darsning mazmuniga psixologik jihatdan baho berish:
- a) o`quv materiallarining sifati (tasvirlovchi, tushuntiruvchi, ko`rgazmalilik, aniqlik, mavhumlik va umumlashganlik darajasi);
- b) o`quvchining bilish faoliyatini rivojlantirish, o`quv axborotini idrok etishi (obrazli, og`zaki mantiqiy xotirani, xayoliy tafakkurni, hayotini). U qanday his-tuyg`ularni uyg`otadi?
- v) mazkur material o`quvchilar bilish faoliyatining yosh xususiyatlariga, ularning hayotiy tajribasi va bilimlari darajasiga mos kelishi;
- g) o`qituvchining murakkab o`quv materialini mazkur yoshdagi o`quvchilarning idrok etishi uchun qulay, tushunarli va qiziqarli uyushtirish (bayon qilishning ravshanligi va oddiyligi, yorqin misollar, o`xshatishlar, qiyoslashlarning mavjudligi, ko`rgazmali materiallardan foydalanishi, hayot bilan bog`lashi).
- d) o`rganilayotgan materialning tarbiyaviy ta`siri (axloqiy, estetik va h.k.). O`qituvchi uning tarbiyaviy imkoniyatlarini qay darajada amalga oshiradi?