Davlat ramzlari

O`zbekiston Respublikasining Davlat bayrog`i



O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi qonun 1991 yil 18 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari o‘tkazilgan VII sessiyasida qabul qilingan.
Davlat bayrog‘i va uning ramzi bugungi O‘zbekiston sarhadida qadimda mavjud bo‘lgan davlatlar bilan tarixan bog‘liqligini anglatadi hamda respublikaning milliy-madaniy an’analarini o‘zida mujassamlashtiradi.
1. Bayroqdagi moviy rang tiriklik mazmuni aks etgan mangu osmon va obihayot ramzi. Timsollar tilida bu – yaxshilikni, donishmandlikni, halollikni, shon-shuhrat va sadoqatni bildiradi. Binobarin, Amir Temur davlati bayrog‘ining rangi ham moviy rangda edi.
2. Bayroqdagi oq rang – muqaddas tinchlik ramzi bo‘lib, u kun charog‘onligi va koinot yoritqichlari bilan uyg‘unlashib ketadi. Oq rang – poklik, beg‘uborlik, soflikni, orzu va hayollar tozaligi, ichki go‘zallikka intilishning timsoli.
3. Yashil rang – tabiatning yangilanish ramzi. U ko‘pgina xalqlarda navqironlik, umid va shodumonlik timsoli hisoblanadi.
4. Qizil chiziqlar – vujudimizda jo‘shib oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlarini anglatadi.
5. Navqiron yarim oy tasviri bizning tarixiy an’analarimiz bilan bog‘liq. Ayni paytda u qo‘lga kiritilgan mustaqilligimiz ramzi ham.
6. Yulduzlar barcha uchun ruhoniy, ilohiy tismol sanalgan. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘idagi 12 yulduz tasviri ham tarixiy an’analarimiz, qadimgi yilnomamizga bevosita aloqador. Bizning o‘n ikki yulduzga bo‘lgan e’tiborimiz O‘zbekiston sarhadidagi qadimgi davlatlar ilmiy tafakkurida nujum ilmi taraqqiy etganligi bilan ham izohlanadi.

Davlat bayrog‘imizdagi 12 yulduz tasvirini o‘zbek xalqi madaniyatining qadimiyligi, uning komillikka, o‘z tuprog‘ida saodatga intilishi ramzi sifatida tushunish lozim.

GetPDF

     O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i — bayroqning butun uzunligi bo‘ylab o‘tgan to‘q moviy rang, oq rang va to‘q yashil rangli uchta endan tarkib topgan to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi matodir.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining uzunligi 250 santimetrga, kengligi 125 santimetrga teng. Moviy rang, oq rang va yashil rangli enlarning kengligi bir xil. Har bir en 40 santimetrga tengdir. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining o‘rtasidagi oq rangli enning chetlaridan kengligi 2,5 santimetrga teng qizil hoshiyalar o‘tkazilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining yuqori qismidagi moviy rangli enning yuz tomoni va orqa tomonida dastaga yaqin joyida oq rangli yangi oy va uning yonida o‘n ikkita oq rangdagi besh qirrali yulduz tasvirlangan.
Oq rangli yangi oy va o‘n ikkita oq rangli besh qirrali yulduzning tasviri moviy rangli yuqori enning o‘rtasidan 70×30 santimetrga teng to‘g‘ri to‘rtburchakka sig‘adigan qilib joylashtirilgan.
Oq rangli yangi oy vertikal holatda do‘ng tomoni dastaga qaratilgan, dastadan 20 santimetr masofada joylashtirilgan bo‘lib, diametri 30 santimetrli doiraga sig‘adi.
O‘n ikkita oq rangli besh qirrali yulduz diametri 6 santimetrli doiraga sig‘adi. Doiralar orasidagi masofa 6 santimetr. Yulduzlar uzunasiga va tikkasiga quyidagi tartibda joylashadi: yuqori qatorda uchta, o‘rta qatorda to‘rtta va quyi qatorda beshta yulduz. Quyi qatordagi yulduzlar yangi oyning pastki uchidan 3,5 santimetr masofada joylashadi.

O`zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi


Abdulla Oripov so‘zi,

Mutal Burhonov musiqasi

Serquyosh hur o’lkam, elga baxt, najot,
Sen o’zing do’stlarga yo’ldosh, mehribon!
Yashnagay to abad ilmu fan, ijod,
Shuhrating porlasin toki bor jahon!
Naqorat
Oltin bu vodiylar — jon O’zbekiston,
Ajdodlar mardona ruhi senga yor!
Ulug’ xalq qudrati jo’sh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!
Bag’ri keng o’zbekning o’chmas iymoni,
Erkin, yosh avlodlar senga zo’r qanot!
Istiqlol mash’ali, tinchlik posboni,
Haqsevar, ona yurt, mangu bo’l obod!
Naqorat 
Oltin bu vodiylar — jon O’zbekiston,
Ajdodlar mardona ruhi senga yor!
Ulug’ xalq qudrati jo’sh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!

O`zbekiston Respublikasining Davlat gerbi


     Prezidentimiz Islom Karimov 1992 yilning 2 iyulida “O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonunga imzo chekdi.
Mazkur hujjatga asosan, gerbimiz tasviri O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni, Oliy Majlis palatalari, Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, hokimliklar, davlat qo‘mitalari, davlat hokimiyati va boshqaruvi idoralari binolari, xorijiy mamlakatlardagi diplomatiya vakolatxonalari va konsullik muassasalari peshtoqiga o‘rnatilgan.
Gerbimiz tasviri davlat idoralarining muhr va blankalarida, rasmiy nashrlarda, milliy pul, qimmatli qog‘ozlar va obligatsiyalarda, pochta markalarida, fuqarolik pasportlarida aks ettiriladi. Mamlakatimiz davlat chegaralarida barpo etilgan salobatli darvozalardagi Davlat gerbi barchamizga g‘urur-iftixor bag‘ishlaydi.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbida xalqimizning tarixi, orzu-istaklari, qadriyatlari, turmush tarzi, yurtimizning go‘zal tabiati aks etgan. Undagi har bir rang, har bir belgida muayyan ramziy ma’no bor.
Gullagan vodiy uzra quyoshning zarrin nur sochib turgani serquyosh zaminimiz, nurafshon o‘lkamiz ifodasidir. Purviqor tog‘lar oralab oqayotgan daryolar elimiz ko‘zlagan marralarning sarbalandligi, xalqimizning rizq-ro‘zi butunligi dalolatidir. Gerbning yuqori qismida sakkizburchak ichida moviy osmondagi yarim oy va yulduz aks etgan. Bu milliy an’ana va qadriyatlarimizning boqiyligi, ma’naviyatimiz yuksakligi, iroda va e’tiqodimiz mustahkamligiga ishoradir.
Chambar ichida chanoqlari ochilgan g‘o‘za shoxlari hamda bug‘doy boshoqlari tasvirlangan. Paxta va g‘alla farovonlik, to‘kinlik, mo‘l-ko‘lchilik manbai hisoblanadi. Qolaversa, bu qadimdan ona zaminimizda dehqonchilik madaniyati taraqqiy etgani, mamlakatimizning bugungi salohiyatini o‘zida ifodalaydi.
Gerbimiz markazida saodat, erksevarlik, himmat, olijanoblik timsoli bo‘lgan afsonaviy Humo qushining qanotlarini yozib parvozga shaylanib turgani tasvirlangan. Davlatimiz gerbining pastki qismida, bayrog‘imizni ifodalovchi chambar bandiga barchamiz uchun aziz va muqaddas bo‘lgan “O‘zbekiston” so‘zi bitilgan.
Barcha davlat ramzlarimiz qatori gerb ham xalqimizning sha’nu shavkati, g‘ururi, or-nomusi, tarixiy xotirasi va orzu-umidlarini o‘zida mujassam etgan. U oliy saodat – istiqlolimiz ramzi, o‘zini shu yurt farzandi deb bilgan har bir inson uchun cheksiz faxru iftixor manbaidir.
“O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonunda mamlakatimiz fuqarolari, shuningdek, O‘zbekistonda turgan o‘zga shaxslar davlatimiz gerbini hurmat qilishlari shart ekani belgilab qo‘yilgan.
Zero, Vatan timsollari milliy g‘ururimizni yuksaltirishga, ona diyorimizga bo‘lgan muhabbat va sadoqatimizni kuchaytirishga, kelajagimizga ishonchimizni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Navoiy viloyat Navbahor tumanidagi 36-umumiy o'rta ta'lim maktabi