http://11-maktab.uz dan olindi.
Farzandingizga «MUMKIN EMAS» ni to’g’ri yo’l bilan o’rgating
http://11-maktab.uz dan olindi.
Yosh boladan mas’uliyatni talab qilish kerakmi?
Ota-onalar ko‘pincha bolani «hamma narsani tushunadigan», ammo dangasaligi yoki qaysarligi tufayli bu narsalarni qilmaydigan kichik «katta odam» deb hisoblaydi. Natijada boladan u o‘z yoshining alohida xususiyatlaridan kelib chiqib qodir bo‘lmagan narsalarni talab qiladi.
Ikki yoshgacha bo‘lgan bola o‘z harakatlari va ular keltirib chiqargan oqibatlar o‘rtasidagi aloqani anglay olmaydi. Uning uchun har qanday oqibat «to‘satdan bo‘lgan holat» hisoblanadi. U onasi va boshqa yaqin kishilari qanday reaksiya ko‘rsatishiga qarab mo‘ljal oladi va ko‘p marta salbiy munosabatni keltirib chiqargani uchun, qilish kerak bo‘lmagan xatti-harakatlarni bilib ola boshlaydi. Tashqi ko‘rinishi uchun ham, o‘yinchoqlari uchun ham chinakam mas’uliyat hali bo‘lmaydi, shunday ekan, uni talab qilish ham kerak emas.
2—3,5 yoshda ko‘pchilik bolalarda «uch yosh inqirozi» deb ataluvchi davr bo‘lib o‘tadi. Bunda bolaning xulqi ko‘pincha provokatsiyaga o‘xshaydi: u taqiqlarni bilgan holda, «mumkin bo‘lmagan» narsa haqiqatan ham mumkin emasligini «tekshirib ko‘radi». Ushbu davrda maqbul deb topiladigan va tanbeh beriladigan xatti-harakatlar o‘rtasida chegara chiziladi.
Bola inqirozni boshidan kechirayotgan vaqtda u butunlay mas’uliyatsiz bo‘lib qolgandek ko‘rinishi mumkin. Qo‘rqish va bola mutlaqo «aynibdi», endi mas’uliyatsiz odam bo‘lib yetishadi deb o‘ylash kerak emas. Bu davr o‘tgach, bolaning shaxsiyatidagi o‘sish yaqqol ko‘rinadi.
Bolaning aqlini charxlash
Ota-ona bolam aqlli bo’lsin deb ko’p harakat qiladi. Lekin bolani miyasini tabiiy ravishda rivojlantirish uchun ko’p narsa kerak emas ekan, bular ham bo’lsa, ota-onaning bolaning rivojlanishiga to’g’ri yondashishidir.
Qanday qilib?
1. Bolaga ta’limni erta ham emas, kech ham emas, balki o’z vaqtida berish lozim. Bolaning yoshiga muvofiq ravishda unga bilim berish kerak. Ikki yoshlik bolaga alifbeni o’rgatsa, tez orada o’rganib oladi, lekin shu bilan bir qatorda uning kreativlik, tabiiy qiziqish va tasavvur qilish qobiliyatlari so’nib boradi. Endi unga «non» so’zini aytsangiz, u «och qorin, issiqqina non, yumshoq patir, onamning qo’llari» kabi tasavvurlarni o’rniga «n»,»o»,»n» harflaridan iborat so’zni tasavvur qiladi xolos. Bu uning miysining tasavvur va xayol qilish qobiliyatini zaiflashtiradi. Insho yozishda qiynalish sizga tanish holatmi?
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda quyidagilarni bilib olish foydali bo’ladi:
- Bolaning 3 yoshigacha miyasining asosiy tuzilmalari va asab to’qimalari shakllanadi. Hissiyotlar miya rivojlanishida katta turtki bo’lgani uchun, bu davrda bolaga ota-onaning mehr va muhabbati kerak xolos. Agar bola shu davrda ota-onaning mehrini yetarlicha olishga ulgurmasa kelajakda insolarga bog’lana olmay, mehr yetishmovchiligidan qiynalib yashaydi.
- Bolaning 3 yoshidan 5 yoshiga qadar miyasining o’ylash qobiliyatini, odamgarchilik va ahloq tuyg’ularini shaklantiruvchi qismi keskin rivojlanadi.
- Bolaning 6 yoshidan 12 yoshiga qadar miyasining til, metamtika va jismoniy qobiliyatlarni shakllantiruvchi qismi rivojlanadi.
- Bolaga ta’lim berilayotganda ana shu davrlarga muvofiq bo’lgan bilimni berish maqsadga muvofiq bo’ladi.
2. Bolaga shunday ta’lim berish kerakki, bunda uning barcha hissiyot a’zolari jalb etilgan bo’lishi kerak. Ya’ni bola rivojlanish jarayonida o’zi mustaqil ravishda tegish, ko’rish, eshitish, hidlash va mazasini bilish imkoniyatiga ega bo’lishini ta’minlash lozim.
3. Bolaga yoshligidan ahloqni o’rgatish miya rivojlanishida katta ahamiyatga ega. Kichikligidan kattalarni hurmat qilishni, salom berishni, qoidalarga amal qilishni, yo’l harakati qoidalarini hurmat qilishi va boshqa shu kabilarni o’rganib borgan bola hayot davomida qiynalmaydi va kam xato qiladi.
4. Bolaga bilim olish hursandchilik keltirishi kerak. Bolani qiynab, barvaqt o’qish yoki yozishga o’rgatib, o’yindan xoli qlish uning stress olishiga olib keladi. Natijada bolada har xil kasalliklar yuzaga kelishi mumkin. Bola bilimni o’z xohishi bilan o’zlashtirishi kerak. Agar istamayotgan bo’lsa, demak ota-ona uni qiziqtirish yo’lini topa olmayapti.
5. Agar ota-ona quyidagi tamoyillarga amal qilsa, bola aqlli bo’lib o’sadi:
- Bola ertalab albatta nonushta qilishi muhim. Uyqudan so’ng bolaning miyasi o’z faoliyatini boshlashi uchun energiyaga muhtoj bo’ladi.
- Bolani kun mobaynida tez-tez ovqatlantirish lozim. Bunda uning xotirasi rivojlanadi.
- Bola yetarlicha uxlashi lozim. Uyquda miya to’qimlari dam oladi va uning imkoniyatlari yaxshilanadi.
- Aktiv bolaning miyasi ham aktiv rivojlanadi. Bola ovqatlanishni, xonasini yig’ishtirishni, o’yinchoqlarini aktiv o’ynash va hokazolarni mustaqil ravishda bajarishi kerak.
- Tegish natijasida yuz beradigan hissiyotlar miya bilan keskin bog’liq. Bolani kun mobaynida ko’proq o’pib, quchoqlb turish kerak!
Manba: Janubiy Koreya ta’lim, ilm-fan va texnika vazirligi ma’lumotlari
Bola tarbiyasidagi 4 bosqich
Birinchi bosqich: tug`ilganidan 5 yoshigacha.
Bu vaqt oralig`ida bolaga harakatchanlik, hayotga bo`lgan qiziqish va mehr-muhabbat nimaligi kattalar misolida o`rgatiladi. Ta`qiq va jazoning o`rniga uni chalg`itgan ma`qul. Bolaga qo`l ko`tarilishining yagona sababi bor — chunki go`dak kattalarga javob qaytarolmaydi! Agar farzandingiz biror noxush ish bilan shug`ullanayotgan bo`lsa, yuzingizda qo`rqinchli ifoda namoyon qilib, «Voy” kabi vahimani bildiruvchi so`zlarni ayting. Urishib, baqirgandan ko`ra bu ish ko`proq foyda beradi. Bolaga bu davrda bosim bersangiz, butun umrga hayotga bo`lgan qiziqishini so`ndirib qo`yishingiz mumkin.
Ikkinchi bosqich: 5 yoshdan 10 yoshgacha.
Bu yoshlar oralig`ida bola odob-ahloq va jamiyat qonun-qoidalarini anglab, ularga bo`ysinishni o`rganadi. Mantiq hamda aqliy salohiyat rivojlanadi. Ko`pincha bola xatti-harakatlariga kattalar qanday yondashishiga ahamiyat beradi, uni maqtashlari uchun harakat qila boshlaydi. Bu vaqtda bolani ko`proq bilim olishga undash, vazifa va mashqlarga ko`mib tashlashdan qo`rqmang. Agar 5 yoshdan keyin erkalash har doim ham yaxshilikka olib kelmaydi.
Uchinchi bosqich: 10 yoshdan 15 yoshgacha.
10 yoshdan keyin farzandingiz bilan oilaviy muhim masalalardan maslahatlashishni boshlang. Mustaqil fikrlashi va harakat qilishini rag`batlantiring. Agar uning biror ishi yoqmasa, ta`qiqlamay, qilgan ishining yoqimsiz oqibati haqida so`zlang. Farzandingizga ishoning, uning har bir qadamini nazorat qiling, ammo o`zi bilib ish qilishiga ham sharoit yarating. Aks holda, bola o`ziga bo`lgan ishonchini yo`qotadi. Do`stlari bilan yaqindan tanishishni unutmang.
So`nggi bosqich: 15 yoshdan keyin.
U endi shaxs! Hurmat bilan munosabatda bo`ling! Bolani bu vaqtda tarbiyalashning foydasi yo`q, endi 15 yildan buyon bergan ta`limingizni mevalarini ko`rasiz. Qo`l ko`tarish, baqirish, atrofdagilarning oldida izza qilib, ba`zi harakatlarini to`g`rilayman deb, xom ta`ma bo`lmang. Bu ish bilan bolangizni o`zingizdan uzoqlashtirgan bo`lasiz.
O‘qishni istamaydigan bolalar bilan qanday yo‘l tutish lozim?
- Tan olish kerak, maktab ko‘ngilochar muassasa emas. Bolalar bog‘chasidan farqli ravishda bu yerda bolani ovqatni oxirigacha yeb qo‘yganligi yoki uxlagani uchun maqtashmaydi ham. Bolalar maktabga bilim olish uchun boradi va bu jarayon ko‘chada o‘ynash yoki multfilm tomosha qilish kabi maroqli emas.
Agar farzandingiz o‘qishni istamasligini ma’lum qilsa, buning sabablarini aniqlab, muammo yechimini topishga harakat qilishingiz lozim. Axir bola uchun hech narsaning qizig‘i bo‘lmasligi mumkin emas. Uning maktabdan tashqari biror qiziqarli mashg‘ulotini aniqlang va uni maktab fanlari bilan bog‘lang.
Masalan, o‘g‘il bola kompyuter o‘yinlariga qiziqsa, uni dasturlashga qiziqtirish, modaga qiziqqan qizlarni esa o‘z «modalar jurnali»ni yaratishga qiziqtirish mumkin. Bu orqali qizlarda tasviriy san’atga, qolaversa, savodxonlikka bo‘lgan qiziqishni oshirish mumkin. Axir jurnallarda bexato yozish talab etiladi.
O‘qishni istamaslikning yana bir sababi ma’lumotlarni o‘zlashtirishdagi qiyinchilik bo‘lishi mumkin. Agar bola darslarda gap nima haqida borayotganligini tushunmasa, u zerikish, noqulaylikni his qiladi. Shu sababdan ma’lum bir fanni ham yoqtirmay qoladi!
Bu vaziyatni uning o‘qituvchisi bilan muhokama qilib ko‘ring. Qo‘shimcha mashg‘ulotlar uchun repetitor xizmatidan foydalanishingiz ham mumkin.
O‘quv jarayoniga qiziqishning yo‘qolishiga buning aksi — bilimlarning juda oson o‘zlashtirilishi ham sabab bo‘lishi mumkin. Masalan, birinchi sinfga o‘qishni bilib borgan bolalar tengdoshlarining harf o‘rganishidan zerikishi mumkin. U qiziqishini butunlay yo‘qotmasligi uchun turli foydali mashg‘ulotlar, klub va to‘garaklarga yo‘naltirish lozim.
Asosiy qoidaga amal qiling — hech qachon bolani kamsitmang! Agar bola o‘qishni istamasa bu uni dangasa, bilmasvoy kabi so‘zlar bilan kamsitishga asos bo‘la olmaydi.
Bolaning o‘ziga xos jihatlarini e’tiborga olib, uni qo‘llab-quvvatlabgina o‘qishga bo‘lgan qiziqishini qaytarish mumkin.
Bolalarga aytib bo‘lmaydigan 5 ibora
- Hamma ota-onalar ham bu iboralarni biladi. Kayfiyatlari yo‘qligida, g‘azablangan paytlari va achchiqlanib aytiladigan bu gaplar bolalar shaxsiyatidagi rivojlanayotgan mukammallik va sog‘lomlikni cheklab qo‘yadi. Gaplaringizni o‘ylab gapiring, chunki bu iboralar bir umrga bolalarning yodida qoladi.
Sen bajarolmaysan — ber o‘zim qilaman!
Psixologlarning tasdiqlashicha, bu ibora bolani shikastlaydi va oldindan omadsizlikka yo‘naltiradi. U o‘zini ahmoq va qo‘poldek his qiladi, onasi yana baqirishidan qo‘rqib, bundan keyin o‘zicha biror ish qilolmaydi.
Ol, faqat tinchlan!
Bolaning xarxashalaridan qutulish uchun har doim xohlaganini beraverish natijasida bolangiz xudbinlashgan va tarbiyasiz bir erkatoy bo‘lib yetishadi.
Yana bir marta ko‘rsam — ko‘zingga ko‘rsataman!
Bunday ibora bolalarda xafalik va taajjublanishni keltirib chiqaradi. Bolani qo‘rqitish yaxshi emas. Bola ikkala holatda ham nima kutilayotganini aniq bilishi kerak.
Senga aytayapman, tezlikda jim bo‘l!
Bola bilan bunday keskin tarzda gaplashmang. Agar bexosdan qo‘pollik qilib qo‘ygan bo‘lsangiz kechirim so‘rang.
O‘g‘il bolalar (qizlar) bunday qilmaydi!
Ota-onalar bu gapni qaytaraverib bolani belgilangan taxlitga solib qo‘yishadi. Katta bo‘lganda bola o‘zining hissiyotlaridan noqulaylik sezadigan bo‘ladi.
Bolani jazolash o‘rnini bosadigan 5 ta usul
Har bir oilada shunday qoidalar bo‘ladiki, ularga rioya qilmagan bola ma’lum jazo bilan «taqdirlanadi”. «Deti.mail.ru” bolalarni shafqatsiz choralarni qo‘llamasdan turib jazolash usullarini keltirib o‘tdi. Ular bolaning xulqini tuzatadi, ammo shu bilan birga, uning ruhiyatiga ta’sir o‘tkazmaydi.
«Jarima” ishlari
Bola «jarimaga tortilgan” bo‘lsa, unga shafqatsizlik ko‘rsatish o‘rniga, qo‘lidan keladigan uy ishlariga jalb eting yoxud o‘z qilmishining oqibatlarini o‘zi bartaraf etsin: devorlarga chizgan bo‘lsa, tozalasin, to‘zg‘itgan bo‘lsa, yig‘ishtirsin… Oilada ma’lum bir qoidalarni o‘rnatish, ularni buzgan oila a’zolarini «jarimali sanksiyalar”ga tortish — yaxshi usul, chunonchi, derazalarni yuvsin, idish-tovoqlarni yuvib qo‘ysin, dasturxonni yig‘ishtirsin.
Jazo o‘rniga ertak
Maxsus tanlab olingan ertaklar bolalarga o‘yin shaklida xulq me’yorlarini o‘zlashtirishda yordam beradi. Bunday ertaklarda bosh qahramon bolalar kabi qilmishlarni amalga oshiradi, hikoya so‘ngida esa bunday qilish yaxshi emasligini anglab, bunday xatolarni boshqa takrorlamaydi.
Vaqtinchalik yolg‘izlik
Bolani boshqa xonaga kirgizib (o‘yinchoqlar bo‘lmagan), tinchlanishini va o‘z xatti-harakati haqida o‘ylab ko‘rishni so‘rashadi. Bunday usul bola ona-onasini boshqarishga, ularning diqqatini tortishga uringanida ayniqsa, qo‘l keladi. Yolg‘izlik uchun bolaning yoshi qancha bo‘lsa, shuncha daqiqa vaqt ajratiladi. Masalan, uch yoshli bolaga o‘ylash uchun uch daqiqa berish yetarli. Yosh bola biroz vaqtdan so‘ng uni nima uchun jazolashganini ham unutib yuboradi.
Bunday choraning turlaridan biri — «axloq tuzatish kursisi”. 2—5 yoshli bolalarga mo‘ljallangan bunday jazo AQShda keng tarqalgan. Bunda uyingizdagi kursilardan biri «o‘tirib, tinchlanib ol” degan kursiga aylantiriladi. Uch daqiqalik qum soat sotib oling. Bola o‘zini yomon tutganida uni shu kursiga yuboring va qum soatini ag‘darib qo‘ying. Bolaga esa qum pastga tushib ketmagunicha kursida o‘tirishni tayinlang.
Yoqimli narsadan mosuvo qilish
Bolani unga yomonlik qilish emas, uni yaxshi narsadan mahrum qilish orqali jazolagan ma’qul. Qanday «qoidabuzarlik”lar oqibatida qaysi narsalardan mahrum qilish haqida, yaxshisi, oldindan kelishib oling. Bolaga bu jazo haqida darg‘azab bo‘lmasdan, baqiriq va agressiyasiz — xotirjamlik va xayrixohlik bilan ma’lum qiling. Birinchi navbatda, doimgidek, nima sababdan jazolanayotganini tushuntiring. Ammo shuni yodda tutingki, hech qachon bolani ovqat, toza havoda sayr, boshqa bolalar bilan muloqotdan mahrum qilmang.
Hazil sifatida jazolash
Bunday jazo arzimagan ayblar uchun mos tushadi. Uni bolani nimagadir o‘rgatish uchun qo‘llash tavsiya etiladi. Masalan, u ba’zan iflos oyoq kiyim bilan uy ichiga kirib ketsa, unga «Tozalik — sog‘lik garovi” degan iborani takrorlagan holda o‘n marta o‘tirib-turishni taklif qiling. Asosiysi, bolani shunday jazolash kerakki, u o‘zini kamsitilgan deb his qilmasin. Bola o‘z vaqtini bekorchilikka sarflashdan tez bezor bo‘ladi va siz undan istagan narsangizni bajarishga o‘rganadi.
Tarbiyaning turli uslubi: to‘g‘risi qaysi?
Men yaqindagina guvoh bo‘lgan manzara: onasi bilan do‘konga kirgan 2-3 yoshlardagi bolacha oyoqlarini yerga urib yig‘ladi: «mana shuni olib berasiz, dedimmi, olib berasiz!» Ona esa atrofdagilardan xijolat bo‘lib, o‘zini qo‘yarga joy topolmaydi: «Voy, qara, mana bu xola doktor ekan, hozir senga ukol qiladi». Bola bir fursat menga xavotir bilan qaradi-da, doktorga o‘xshata olmagach, yana baqirishda davom etdi. «Uyga boraylik, senga konfet beraman», avrashga tushdi ona…
Tarbiyaning turli uslublari bor: kimdir bolasiga yaxshi ish qilishi uchun nimadir olib berishga va’da bersa, boshqa ona esa uni qo‘rqitishdan nariga o‘tmaydi.
Bolaga «pora» berish
«Aytganimni qilsang, konfet olib beraman»
Maktabgacha yoshdagi bola o‘zini yaxshi tutishi uchun ota-ona konfet, mashina yoki yana nimadir olib berishni va’da qilishadi. Maktab yoshidagilarga esa yaxshi o‘qishi, «besh» baho olishi uchun «pora» berishadi.
Muammo qayerda?
Bu uslubning samaradorligini hech kim inkor eta olmaydi. Ammo uni tarbiyaviy ahamiyatga ega uslub deb bo‘lmaydi. Moliyaviy haq evaziga barpo bo‘layotgan bu tarbiya usuli bolada oilaviy munosabatlar haqida noto‘g‘ri xulosa shakllantirishga olib keladi. Bu uslub oilada emas, ish uchun foydali. Oilaviy munosabatlar esa boshqa omillar ustida qurilishi kerak. Farzandingizni shu uslubda tarbiyalasangiz, undan yaqinlariga yordam berish, do‘stlik, beg‘araz yaxshilik qilish kabi fazilatlarni kutmasangiz ham bo‘ladi. Chunki u kichikligidan har bir yaxshi harakatlari uchun moliyaviy mukofot olib ulg‘aymoqda.
Qanday bo‘lishi kerak?
Albatta bolani mukofotlab, maqtab turish kerak. Ammo yaxshi ishning avvalida haq va’da qilish to‘g‘ri emas. Uning o‘rniga, masalan, o‘quvchi fazandingiz chorakni yaxshi baholar bilan tugallaganda, uni yanada yaxshiroq harakatga undash uchun oila davrasida kichik bayramcha o‘tkazib, bolani maqtab qo‘yishingiz ham uning tarbiyasi uchun foydali.
Qo‘rqitish
«Hozir do‘xtir keladi, senga ukol qiladi»
Muammo qayerda?
Bu uslub ham vaqtincha yordam beradi, ammo bolada sababsiz qo‘rqinch va xavotir hislarini rivojlantiradi. Bu yerda qo‘rqitish bilan birgalikda bolaga yolg‘on gapirishni ham ko‘rish mumkin. Natijada bola begonalardan, yolg‘iz qolishdan, qorong‘u xonadan qo‘rqa boshlaydi, yolg‘on gapirishni o‘rganadi.
Qanday bo‘lishi kerak?
- Hayotda ehtiyotkor bo‘lishni talab qiluvchi holatlar ko‘p. Qo‘rqinch esa bizni xavfdan ogohlantiruvchi hissiyot. Ehtiyotkorlik bilan qo‘rqishning farqi shundaki, ehtiyotkorlik haqiqiy xavfga qaratilgan bo‘lsa, qo‘rqitish bolada xayoliy narsalardan qo‘rqish hissini uyg‘otadi. «Yugurma, yiqilib tushishing mumkin» kabi so‘zlar ehtiyotkorlik chorasi bo‘lsa, «Bo‘ri keladi, seni yeb qo‘yadi» deyish qo‘rqitishdan o‘zga narsa emas.
- Bolani qo‘rqitishdan avval o‘zingizga savol bering: siz uni biror-bir xavfdan ogohlantirayapsizmi yoki o‘z istagingizni qildirmoqchimisiz? Ikkinchi holatda bolaga ta’sir qilishning boshqa yo‘lini qidiring.
Mensimaslik
«Ko‘zimga ko‘rinma!»
Muammo qayerda?
Bolada «yaxshi bola bo‘lsam, yaxshi ko‘rishadi, yomonlik qilsam, meni yaxshi ko‘rmay qo‘yishadi», degan fikr yuzaga keladi. Natijada bolada boshqalarning fikridan kelib chiqib harakat qilish hissi paydo bo‘ladi.
Qanday bo‘lishi kerak?
- 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarga bu uslubni qo‘llamang. Bu bola ruhiyatiga qattiq ta’sir ko‘rsatadi.
- Bola biror yomonlik qilayotgan bo‘lsa, avvaliga unga bu xatoni tushuntirish zarur. Ikkinchi bor bu harakat takrorlanganda esa biror jazo turini qo‘llash lozim.
Aldash
Xalqimizda aldagani bola yaxshi, degan maqol bor. Aksar hollarda ota-ona bolaga u yoki bu narsani va’da berishadi-yu, ammo amalga oshirish vaqti kelganda «unutib» yuborishni afzal ko‘rishadi.
Muammo qayerda?
Bu va’dalar kattalar uchun arzimagan narsa bo‘lib ko‘rinsa-da, ularni bajarmaslikni bola sotqinlik deb qabul qiladi. Va’daning yolg‘onligini bilgach esa sekin-asta eng yaqin insonlariga bo‘lgan ishonchini yo‘qotib boradi. Bolaning o‘zida ham «va’da berib, uni bajarmachlik mumkin» degan his rivojlanadi.
Qanday qilish kerak?
- Bolaga yolg‘on gapirmang. Unga tushunarli tarzda tushuntirishga harakat qiling.
- Unga va’da berdingizmi, ustidan chiqing.
- Ba’zi hollarda bolani aldab emas, ertaklar yordamida holatni tushuntirishga harakat qiling.