Галереи

Yosh boladan mas’uliyatni talab qilish kerakmi?

Ota-onalar ko‘pincha bolani «hamma narsani tushunadigan», ammo dangasaligi yoki qaysarligi tufayli bu narsalarni qilmaydigan kichik «katta odam» deb hisoblaydi. Natijada boladan u o‘z yoshining alohida xususiyatlaridan kelib chiqib qodir bo‘lmagan narsalarni talab qiladi.

Ikki yoshgacha bo‘lgan bola o‘z harakatlari va ular keltirib chiqargan oqibatlar o‘rtasidagi aloqani anglay olmaydi. Uning uchun har qanday oqibat «to‘satdan bo‘lgan holat» hisoblanadi. U onasi va boshqa yaqin kishilari qanday reaksiya ko‘rsatishiga qarab mo‘ljal oladi va ko‘p marta salbiy munosabatni keltirib chiqargani uchun, qilish kerak bo‘lmagan xatti-harakatlarni bilib ola boshlaydi. Tashqi ko‘rinishi uchun ham, o‘yinchoqlari uchun ham chinakam mas’uliyat hali bo‘lmaydi, shunday ekan, uni talab qilish ham kerak emas.

2—3,5 yoshda ko‘pchilik bolalarda «uch yosh inqirozi» deb ataluvchi davr bo‘lib o‘tadi. Bunda bolaning xulqi ko‘pincha provokatsiyaga o‘xshaydi: u taqiqlarni bilgan holda, «mumkin bo‘lmagan» narsa haqiqatan ham mumkin emasligini «tekshirib ko‘radi». Ushbu davrda maqbul deb topiladigan va tanbeh beriladigan xatti-harakatlar o‘rtasida chegara chiziladi.

Bola inqirozni boshidan kechirayotgan vaqtda u butunlay mas’uliyatsiz bo‘lib qolgandek ko‘rinishi mumkin. Qo‘rqish va bola mutlaqo «aynibdi», endi mas’uliyatsiz odam bo‘lib yetishadi deb o‘ylash kerak emas. Bu davr o‘tgach, bolaning shaxsiyatidagi o‘sish yaqqol ko‘rinadi.

Bolaning aqlini charxlash

Ota-ona bolam aqlli bo’lsin deb ko’p harakat qiladi. Lekin bolani miyasini tabiiy ravishda rivojlantirish uchun ko’p narsa kerak emas ekan, bular ham bo’lsa, ota-onaning bolaning rivojlanishiga to’g’ri yondashishidir.

Qanday qilib?

1. Bolaga ta’limni erta ham emas, kech ham emas, balki o’z vaqtida berish lozim. Bolaning yoshiga muvofiq ravishda unga bilim berish kerak. Ikki yoshlik bolaga alifbeni o’rgatsa, tez orada o’rganib oladi, lekin shu bilan bir qatorda uning kreativlik, tabiiy qiziqish va tasavvur qilish qobiliyatlari so’nib boradi. Endi unga «non» so’zini aytsangiz, u «och qorin, issiqqina non, yumshoq patir, onamning qo’llari» kabi tasavvurlarni o’rniga «n»,»o»,»n» harflaridan iborat so’zni tasavvur qiladi xolos. Bu uning miysining tasavvur va xayol qilish qobiliyatini zaiflashtiradi. Insho yozishda qiynalish sizga tanish holatmi?

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda quyidagilarni bilib olish foydali bo’ladi:

  • Bolaning 3 yoshigacha miyasining asosiy tuzilmalari va asab to’qimalari shakllanadi. Hissiyotlar miya rivojlanishida katta turtki bo’lgani uchun, bu davrda bolaga ota-onaning mehr va muhabbati kerak xolos. Agar bola shu davrda ota-onaning mehrini yetarlicha olishga ulgurmasa kelajakda insolarga bog’lana olmay, mehr yetishmovchiligidan qiynalib yashaydi.
  • Bolaning 3 yoshidan 5 yoshiga qadar miyasining o’ylash qobiliyatini, odamgarchilik va ahloq tuyg’ularini shaklantiruvchi qismi keskin rivojlanadi.
  • Bolaning 6 yoshidan 12 yoshiga qadar miyasining til, metamtika va jismoniy qobiliyatlarni shakllantiruvchi qismi rivojlanadi.
  • Bolaga ta’lim berilayotganda ana shu davrlarga muvofiq bo’lgan bilimni berish maqsadga muvofiq bo’ladi.

2. Bolaga shunday ta’lim berish kerakki, bunda uning barcha hissiyot a’zolari jalb etilgan bo’lishi kerak. Ya’ni bola rivojlanish jarayonida o’zi mustaqil ravishda tegish, ko’rish, eshitish, hidlash va mazasini bilish imkoniyatiga ega bo’lishini ta’minlash lozim.

3. Bolaga yoshligidan ahloqni o’rgatish miya rivojlanishida katta ahamiyatga ega. Kichikligidan kattalarni hurmat qilishni, salom berishni, qoidalarga amal qilishni, yo’l harakati qoidalarini hurmat qilishi va boshqa shu kabilarni o’rganib borgan bola hayot davomida qiynalmaydi va kam xato qiladi.

4. Bolaga bilim olish hursandchilik keltirishi kerak. Bolani qiynab, barvaqt o’qish yoki yozishga o’rgatib, o’yindan xoli qlish uning stress olishiga olib keladi. Natijada bolada har xil kasalliklar yuzaga kelishi mumkin. Bola bilimni o’z xohishi bilan o’zlashtirishi kerak. Agar istamayotgan bo’lsa, demak ota-ona uni qiziqtirish yo’lini topa olmayapti.

5. Agar ota-ona quyidagi tamoyillarga amal qilsa, bola aqlli bo’lib o’sadi:

  • Bola ertalab albatta nonushta qilishi muhim. Uyqudan so’ng bolaning miyasi o’z faoliyatini boshlashi uchun energiyaga muhtoj bo’ladi.
  • Bolani kun mobaynida tez-tez ovqatlantirish lozim. Bunda uning xotirasi rivojlanadi.
  • Bola yetarlicha uxlashi lozim. Uyquda miya to’qimlari dam oladi va uning imkoniyatlari yaxshilanadi.
  • Aktiv bolaning miyasi ham aktiv rivojlanadi. Bola ovqatlanishni, xonasini yig’ishtirishni, o’yinchoqlarini aktiv o’ynash va hokazolarni mustaqil ravishda bajarishi kerak.
  • Tegish natijasida yuz beradigan hissiyotlar miya bilan keskin bog’liq. Bolani kun mobaynida ko’proq o’pib, quchoqlb turish kerak!

Manba: Janubiy Koreya ta’lim, ilm-fan va texnika vazirligi ma’lumotlari

Bola tarbiyasidagi 4 bosqich

Birinchi bosqich: tug`ilganidan 5 yoshigacha.

Bu vaqt oralig`ida bolaga harakatchanlik, hayotga bo`lgan qiziqish va mehr-muhabbat nimaligi kattalar misolida o`rgatiladi. Ta`qiq va jazoning o`rniga uni chalg`itgan ma`qul. Bolaga qo`l ko`tarilishining yagona sababi bor — chunki go`dak kattalarga javob qaytarolmaydi! Agar farzandingiz biror noxush ish bilan shug`ullanayotgan bo`lsa, yuzingizda qo`rqinchli ifoda namoyon qilib, «Voy” kabi vahimani bildiruvchi so`zlarni ayting. Urishib, baqirgandan ko`ra bu ish ko`proq foyda beradi. Bolaga bu davrda bosim bersangiz, butun umrga hayotga bo`lgan qiziqishini so`ndirib qo`yishingiz mumkin.

Ikkinchi bosqich: 5 yoshdan 10 yoshgacha.

Bu yoshlar oralig`ida bola odob-ahloq va jamiyat qonun-qoidalarini anglab, ularga bo`ysinishni o`rganadi. Mantiq hamda aqliy salohiyat rivojlanadi. Ko`pincha bola xatti-harakatlariga kattalar qanday yondashishiga ahamiyat beradi, uni maqtashlari uchun harakat qila boshlaydi. Bu vaqtda bolani ko`proq bilim olishga undash, vazifa va mashqlarga ko`mib tashlashdan qo`rqmang. Agar 5 yoshdan keyin erkalash har doim ham yaxshilikka olib kelmaydi.

Uchinchi bosqich: 10 yoshdan 15 yoshgacha.

10 yoshdan keyin farzandingiz bilan oilaviy muhim masalalardan maslahatlashishni boshlang. Mustaqil fikrlashi va harakat qilishini rag`batlantiring. Agar uning biror ishi yoqmasa, ta`qiqlamay, qilgan ishining yoqimsiz oqibati haqida so`zlang. Farzandingizga ishoning, uning har bir qadamini nazorat qiling, ammo o`zi bilib ish qilishiga ham sharoit yarating. Aks holda, bola o`ziga bo`lgan ishonchini yo`qotadi. Do`stlari bilan yaqindan tanishishni unutmang.

So`nggi bosqich: 15 yoshdan keyin.

U endi shaxs! Hurmat bilan munosabatda bo`ling! Bolani bu vaqtda tarbiyalashning foydasi yo`q, endi 15 yildan buyon bergan ta`limingizni mevalarini ko`rasiz. Qo`l ko`tarish, baqirish, atrofdagilarning oldida izza qilib, ba`zi harakatlarini to`g`rilayman deb, xom ta`ma bo`lmang. Bu ish bilan bolangizni o`zingizdan uzoqlashtirgan bo`lasiz.

O‘qishni istamaydigan bolalar bilan qanday yo‘l tutish lozim?

      Tan olish kerak, maktab ko‘ngilochar muassasa emas. Bolalar bog‘chasidan farqli ravishda bu yerda bolani ovqatni oxirigacha yeb qo‘yganligi yoki uxlagani uchun maqtashmaydi ham. Bolalar maktabga bilim olish uchun boradi va bu jarayon ko‘chada o‘ynash yoki multfilm tomosha qilish kabi maroqli emas.

 

Agar farzandingiz o‘qishni istamasligini ma’lum qilsa, buning sabablarini aniqlab, muammo yechimini topishga harakat qilishingiz lozim. Axir bola uchun hech narsaning qizig‘i bo‘lmasligi mumkin emas. Uning maktabdan tashqari biror qiziqarli mashg‘ulotini aniqlang va uni maktab fanlari bilan bog‘lang.

Masalan, o‘g‘il bola kompyuter o‘yinlariga qiziqsa, uni dasturlashga qiziqtirish, modaga qiziqqan qizlarni esa o‘z «modalar jurnali»ni yaratishga qiziqtirish mumkin. Bu orqali qizlarda tasviriy san’atga, qolaversa, savodxonlikka bo‘lgan qiziqishni oshirish mumkin. Axir jurnallarda bexato yozish talab etiladi.

O‘qishni istamaslikning yana bir sababi ma’lumotlarni o‘zlashtirishdagi qiyinchilik bo‘lishi mumkin. Agar bola darslarda gap nima haqida borayotganligini tushunmasa, u zerikish, noqulaylikni his qiladi. Shu sababdan ma’lum bir fanni ham yoqtirmay qoladi!

Bu vaziyatni uning o‘qituvchisi bilan muhokama qilib ko‘ring. Qo‘shimcha mashg‘ulotlar uchun repetitor xizmatidan foydalanishingiz ham mumkin.

O‘quv jarayoniga qiziqishning yo‘qolishiga buning aksi — bilimlarning juda oson o‘zlashtirilishi ham sabab bo‘lishi mumkin. Masalan, birinchi sinfga o‘qishni bilib borgan bolalar tengdoshlarining harf o‘rganishidan zerikishi mumkin. U qiziqishini butunlay yo‘qotmasligi uchun turli foydali mashg‘ulotlar, klub va to‘garaklarga yo‘naltirish lozim.

Asosiy qoidaga amal qiling — hech qachon bolani kamsitmang! Agar bola o‘qishni istamasa bu uni dangasa, bilmasvoy kabi so‘zlar bilan kamsitishga asos bo‘la olmaydi.

Bolaning o‘ziga xos jihatlarini e’tiborga olib, uni qo‘llab-quvvatlabgina o‘qishga bo‘lgan qiziqishini qaytarish mumkin.

Bolalarga aytib bo‘lmaydigan 5 ibora

       Hamma ota-onalar ham bu iboralarni biladi. Kayfiyatlari yo‘qligida, g‘azablangan paytlari va achchiqlanib aytiladigan bu gaplar bolalar shaxsiyatidagi rivojlanayotgan mukammallik va sog‘lomlikni cheklab qo‘yadi. Gaplaringizni o‘ylab gapiring, chunki bu iboralar bir umrga bolalarning yodida qoladi.

Sen bajarolmaysan — ber o‘zim qilaman!

Psixologlarning tasdiqlashicha, bu ibora bolani shikastlaydi va oldindan omadsizlikka yo‘naltiradi. U o‘zini ahmoq va qo‘poldek his qiladi, onasi yana baqirishidan qo‘rqib, bundan keyin o‘zicha biror ish qilolmaydi.

Ol, faqat tinchlan!

Bolaning xarxashalaridan qutulish uchun har doim xohlaganini beraverish natijasida bolangiz xudbinlashgan va tarbiyasiz bir erkatoy bo‘lib yetishadi.

Yana bir marta ko‘rsam — ko‘zingga ko‘rsataman!

Bunday ibora bolalarda xafalik va taajjublanishni keltirib chiqaradi. Bolani qo‘rqitish yaxshi emas. Bola ikkala holatda ham nima kutilayotganini aniq bilishi kerak.

Senga aytayapman, tezlikda jim bo‘l!

Bola bilan bunday keskin tarzda gaplashmang. Agar bexosdan qo‘pollik qilib qo‘ygan bo‘lsangiz kechirim so‘rang.

O‘g‘il bolalar (qizlar) bunday qilmaydi!

Ota-onalar bu gapni qaytaraverib bolani belgilangan taxlitga solib qo‘yishadi. Katta bo‘lganda bola o‘zining hissiyotlaridan noqulaylik sezadigan bo‘ladi.

Bolani jazolash o‘rnini bosadigan 5 ta usul

Har bir oilada shunday qoidalar bo‘ladiki, ularga rioya qilmagan bola ma’lum jazo bilan «taqdirlanadi”. «Deti.mail.ru” bolalarni shafqatsiz choralarni qo‘llamasdan turib jazolash usullarini keltirib o‘tdi. Ular bolaning xulqini tuzatadi, ammo shu bilan birga, uning ruhiyatiga ta’sir o‘tkazmaydi.

«Jarima” ishlari

Bola «jarimaga tortilgan” bo‘lsa, unga shafqatsizlik ko‘rsatish o‘rniga, qo‘lidan keladigan uy ishlariga jalb eting yoxud o‘z qilmishining oqibatlarini o‘zi bartaraf etsin: devorlarga chizgan bo‘lsa, tozalasin, to‘zg‘itgan bo‘lsa, yig‘ishtirsin… Oilada ma’lum bir qoidalarni o‘rnatish, ularni buzgan oila a’zolarini «jarimali sanksiyalar”ga tortish — yaxshi usul, chunonchi, derazalarni yuvsin, idish-tovoqlarni yuvib qo‘ysin, dasturxonni yig‘ishtirsin.

Jazo o‘rniga ertak

Maxsus tanlab olingan ertaklar bolalarga o‘yin shaklida xulq me’yorlarini o‘zlashtirishda yordam beradi. Bunday ertaklarda bosh qahramon bolalar kabi qilmishlarni amalga oshiradi, hikoya so‘ngida esa bunday qilish yaxshi emasligini anglab, bunday xatolarni boshqa takrorlamaydi.

Vaqtinchalik yolg‘izlik

Bolani boshqa xonaga kirgizib (o‘yinchoqlar bo‘lmagan), tinchlanishini va o‘z xatti-harakati haqida o‘ylab ko‘rishni so‘rashadi. Bunday usul bola ona-onasini boshqarishga, ularning diqqatini tortishga uringanida ayniqsa, qo‘l keladi. Yolg‘izlik uchun bolaning yoshi qancha bo‘lsa, shuncha daqiqa vaqt ajratiladi. Masalan, uch yoshli bolaga o‘ylash uchun uch daqiqa berish yetarli. Yosh bola biroz vaqtdan so‘ng uni nima uchun jazolashganini ham unutib yuboradi.

Bunday choraning turlaridan biri — «axloq tuzatish kursisi”. 2—5 yoshli bolalarga mo‘ljallangan bunday jazo AQShda keng tarqalgan. Bunda uyingizdagi kursilardan biri «o‘tirib, tinchlanib ol” degan kursiga aylantiriladi. Uch daqiqalik qum soat sotib oling. Bola o‘zini yomon tutganida uni shu kursiga yuboring va qum soatini ag‘darib qo‘ying. Bolaga esa qum pastga tushib ketmagunicha kursida o‘tirishni tayinlang.

Yoqimli narsadan mosuvo qilish

Bolani unga yomonlik qilish emas, uni yaxshi narsadan mahrum qilish orqali jazolagan ma’qul. Qanday «qoidabuzarlik”lar oqibatida qaysi narsalardan mahrum qilish haqida, yaxshisi, oldindan kelishib oling. Bolaga bu jazo haqida darg‘azab bo‘lmasdan, baqiriq va agressiyasiz — xotirjamlik va xayrixohlik bilan ma’lum qiling. Birinchi navbatda, doimgidek, nima sababdan jazolanayotganini tushuntiring. Ammo shuni yodda tutingki, hech qachon bolani ovqat, toza havoda sayr, boshqa bolalar bilan muloqotdan mahrum qilmang.

Hazil sifatida jazolash

Bunday jazo arzimagan ayblar uchun mos tushadi. Uni bolani nimagadir o‘rgatish uchun qo‘llash tavsiya etiladi. Masalan, u ba’zan iflos oyoq kiyim bilan uy ichiga kirib ketsa, unga «Tozalik — sog‘lik garovi” degan iborani takrorlagan holda o‘n marta o‘tirib-turishni taklif qiling. Asosiysi, bolani shunday jazolash kerakki, u o‘zini kamsitilgan deb his qilmasin. Bola o‘z vaqtini bekorchilikka sarflashdan tez bezor bo‘ladi va siz undan istagan narsangizni bajarishga o‘rganadi.

Tarbiyaning turli uslubi: to‘g‘risi qaysi?

Men yaqindagina guvoh bo‘lgan manzara: onasi bilan do‘konga kirgan 2-3 yoshlardagi bolacha oyoqlarini yerga urib yig‘ladi: «mana shuni olib berasiz, dedimmi, olib berasiz!» Ona esa atrofdagilardan xijolat bo‘lib, o‘zini qo‘yarga joy topolmaydi: «Voy, qara, mana bu xola doktor ekan, hozir senga ukol qiladi». Bola bir fursat menga xavotir bilan qaradi-da, doktorga o‘xshata olmagach, yana baqirishda davom etdi. «Uyga boraylik, senga konfet beraman», avrashga tushdi ona…

Tarbiyaning turli uslublari bor: kimdir bolasiga yaxshi ish qilishi uchun nimadir olib berishga va’da bersa, boshqa ona esa uni qo‘rqitishdan nariga o‘tmaydi.

Bolaga «pora» berish

«Aytganimni qilsang, konfet olib beraman»

Maktabgacha yoshdagi bola o‘zini yaxshi tutishi uchun ota-ona konfet, mashina yoki yana nimadir olib berishni va’da qilishadi. Maktab yoshidagilarga esa yaxshi o‘qishi, «besh» baho olishi uchun «pora» berishadi.

Muammo qayerda?

Bu uslubning samaradorligini hech kim inkor eta olmaydi. Ammo uni tarbiyaviy ahamiyatga ega uslub deb bo‘lmaydi. Moliyaviy haq evaziga barpo bo‘layotgan bu tarbiya usuli bolada oilaviy munosabatlar haqida noto‘g‘ri xulosa shakllantirishga olib keladi. Bu uslub oilada emas, ish uchun foydali. Oilaviy munosabatlar esa boshqa omillar ustida qurilishi kerak. Farzandingizni shu uslubda tarbiyalasangiz, undan yaqinlariga yordam berish, do‘stlik, beg‘araz yaxshilik qilish kabi fazilatlarni kutmasangiz ham bo‘ladi. Chunki u kichikligidan har bir yaxshi harakatlari uchun moliyaviy mukofot olib ulg‘aymoqda.

Qanday bo‘lishi kerak?

Albatta bolani mukofotlab, maqtab turish kerak. Ammo yaxshi ishning avvalida haq va’da qilish to‘g‘ri emas. Uning o‘rniga, masalan, o‘quvchi fazandingiz chorakni yaxshi baholar bilan tugallaganda, uni yanada yaxshiroq harakatga undash uchun oila davrasida kichik bayramcha o‘tkazib, bolani maqtab qo‘yishingiz ham uning tarbiyasi uchun foydali.

Qo‘rqitish

«Hozir do‘xtir keladi, senga ukol qiladi»

Muammo qayerda?

Bu uslub ham vaqtincha yordam beradi, ammo bolada sababsiz qo‘rqinch va xavotir hislarini rivojlantiradi. Bu yerda qo‘rqitish bilan birgalikda bolaga yolg‘on gapirishni ham ko‘rish mumkin. Natijada bola begonalardan, yolg‘iz qolishdan, qorong‘u xonadan qo‘rqa boshlaydi, yolg‘on gapirishni o‘rganadi.

Qanday bo‘lishi kerak?

  • Hayotda ehtiyotkor bo‘lishni talab qiluvchi holatlar ko‘p. Qo‘rqinch esa bizni xavfdan ogohlantiruvchi hissiyot. Ehtiyotkorlik bilan qo‘rqishning farqi shundaki, ehtiyotkorlik haqiqiy xavfga qaratilgan bo‘lsa, qo‘rqitish bolada xayoliy narsalardan qo‘rqish hissini uyg‘otadi. «Yugurma, yiqilib tushishing mumkin» kabi so‘zlar ehtiyotkorlik chorasi bo‘lsa, «Bo‘ri keladi, seni yeb qo‘yadi» deyish qo‘rqitishdan o‘zga narsa emas.
  • Bolani qo‘rqitishdan avval o‘zingizga savol bering: siz uni biror-bir xavfdan ogohlantirayapsizmi yoki o‘z istagingizni qildirmoqchimisiz? Ikkinchi holatda bolaga ta’sir qilishning boshqa yo‘lini qidiring.

Mensimaslik

«Ko‘zimga ko‘rinma!»

Muammo qayerda?

Bolada «yaxshi bola bo‘lsam, yaxshi ko‘rishadi, yomonlik qilsam, meni yaxshi ko‘rmay qo‘yishadi», degan fikr yuzaga keladi. Natijada bolada boshqalarning fikridan kelib chiqib harakat qilish hissi paydo bo‘ladi.

Qanday bo‘lishi kerak?

  • 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarga bu uslubni qo‘llamang. Bu bola ruhiyatiga qattiq ta’sir ko‘rsatadi.
  • Bola biror yomonlik qilayotgan bo‘lsa, avvaliga unga bu xatoni tushuntirish zarur. Ikkinchi bor bu harakat takrorlanganda esa biror jazo turini qo‘llash lozim.

Aldash

Xalqimizda aldagani bola yaxshi, degan maqol bor. Aksar hollarda ota-ona bolaga u yoki bu narsani va’da berishadi-yu, ammo amalga oshirish vaqti kelganda «unutib» yuborishni afzal ko‘rishadi.

Muammo qayerda?

Bu va’dalar kattalar uchun arzimagan narsa bo‘lib ko‘rinsa-da, ularni bajarmaslikni bola sotqinlik deb qabul qiladi. Va’daning yolg‘onligini bilgach esa sekin-asta eng yaqin insonlariga bo‘lgan ishonchini yo‘qotib boradi. Bolaning o‘zida ham «va’da berib, uni bajarmachlik mumkin» degan his rivojlanadi.

Qanday qilish kerak?

  • Bolaga yolg‘on gapirmang. Unga tushunarli tarzda tushuntirishga harakat qiling.
  • Unga va’da berdingizmi, ustidan chiqing.
  • Ba’zi hollarda bolani aldab emas, ertaklar yordamida holatni tushuntirishga harakat qiling.

O’quvchilar maktabga borishni istamasligining 10 ta sababi

Maktab xato qilish mumkin va hatto kerak ekanligini o’rgatmaydi, axir faqat shu yo’l bilan nimanidir o’rganish mumkin. 11 yoshli maktab o’quvchisi bolalar maktabga borishni istamasligining 10 ta sababini ma’lum qildi.

O’qituvchi

Endigina maktabga qadam qo’yishingiz bilan sizga qo’rquvni singdirishga urinishadi. Ulardan biri – o’qituvchidan qo’rqish.

Bahodan qo’rqish

Birinchi qo’rquvdan so’ng bahodan qo’rqish shakllana boshlaydi. Ana undan keyin ota-ona yoki maktab direktorining jazosidan qo’rqish. Maktabda sen haqiqatda kimligingga qarashmaydi, faqat baholaringga qarab xulosa chiqarishadi.

Xato qilishdan qo’rqish

Yana bir qo’rquv – xato qilib qo’yishdan qo’rqish. Maktab xato qilish mumkin va kerak ekanligini o’rgatmaydi, axir faqat shu yo’l bilan nimanidir o’rganish mumkin-ku.

Kamsitish

Maktabga borishni istamaslikning yana bir sababi bu sinfdoshlarning masxara qilishidir. Bu esa ko’pincha o’qituvchilarning xatosi bo’ladi. Ular bolalarni biror narsani sinfdoshlari kabi uddalay olmaganligi uchun hammaning oldida kulguga qo’yadi. Ular uchun baho o’quvchidan ustunroqdir. Men ijodkorlar klubiga borib, biser to’qish, xamirdan yasash, teridan bilaguzuklar yasash va boshqa shu kabi hunarlarni o’rgandim. Shunda to’garakdagi tarbiyachi maktabga kelib, yutuqlarim haqida so’zlab berganda, direktor o’rinbosari hayratga tushdi: «Timofey? Bo’lishi mumkin emas!»

Turli testlar

Dars davomida beriluvchi testlarda o’z fikringni ifodalash varianti mavjud emas. Bola yaxshi baho olish uchun taklif qilingan javoblardan birini topishga urinadi, lekin bu savolga uning o’z fikri bo’lishi mumkin-ku. O’ylashimcha, agar odam biror narsaga qiziqsa, butun maktab davrida o’rganishi mumkin bo’lgan narsani qisqa vaqt ichida o’zlashtirib olishi mumkin.

Uyga vazifalar hajmi

Qayerdadir o’qigandim, uyga vazifalar bolaning o’zlashtirishi va ma’lumotiga ta’sir qilmas ekan. Bir marta menga ingliz tilidan shunchalik ko’p topshiriq berilgan ediki, uch soat davomida ularni yozib chiqqanimdan so’ng, bo’ynimni qimirlata olmay qolgandim. Bir hafta davomida bo’yin uchun mo’ljallangan korset taqib yurgandim.

O’ziga xoslik taqiqlanadi

Maktabda boshqalardan ajralib turadiganlar uncha xushlanmaydi. Bu yoqtirmaslik o’qituvchidan boshlanib, o’quvchilarga ham o’tadi va ular  bilan bir umrga qoladi.

Maktab bolaga baxtli bo’lishni o’rgatmaydi.

The Beatles guruhi a’zosi Jon Lennon besh yoshligida onasi unga hayotda eng asosiysi baxtli bo’lish degan ekan. U maktabga borganda, undan «Hayotda kim bo’lishni istaysan?» deb so’rashganda, u «Baxtli bo’lishni» deb javob bergan. Shunda unga «Sen topshiriqni tushunmayapsan» deyishganda, u «Siz esa hayotni tushunmaysiz» degan ekan.

Maktab axborot bilan ishlashni o’rgatmaydi

YouTube kanalida fizika o’qituvchisi biror mavzuni juda oson va qiziqarli tarzda tushuntiradi. Bu kabi resurslarni tomosha qilish o’nlab zerikarli darsning o’rnini bosishi mumkin.

Maktab katta hayotga tayyorlamaydi

Maktab – bu katta hayotga tayyorgarlik. Biroq u qanday qilib daromad qilish, uni saqlab turish yoki ko’paytirishni o’rgatmaydi. O’ylashimcha, maktabda bir-birimizni tushunishni o’rgatuvchi fan asosiy fan sifatida o’qitilishi lozim. Axir muloqot qilishni bilish eng muhim omil-ku!

manba: tafsilot.uz

Tarbiyadagi 6 ta kechirib bo‘lmas xato

Farzandingizning kelajagidan ko‘nglingiz to‘qmi? Siz ularda yetakchilik qobiliyatini tarbiya qilayapsizmi? Bugungi ota-onalar o‘z qo‘li bilan farzandlarini yetakchi va mustaqil shaxs bo‘lish qobiliyatidan mahrum qilmoqda.

Yetakchilik bo‘yicha ekspert, 25 dan ortiq kitob muallifi, Growing Leaders  («O‘sayotgan yetakchilar») tashkilotining asoschisi va prezidenti Tim Elmor ota-onalar farzand tarbiyasida yo‘l qo‘yadigan asosiy xatolarni sanab o‘tdi. Tim Elmot hozirgi ota-onalar bolalariga haddan ortiq g‘amxo‘rlik qiladi deb hisoblaydi.

Quyida ana shunday xatolarni keltiramiz:

Bolalarni tavakkal qilish imkoniyatidan mahrum etamiz.

Biz hozirgi olam tahdidlar bilan to‘lib toshgan deb fikrlashga odatlanganmiz. Farzandidan ayrilib qolish qo‘rquvi ota-onalarni ularga g‘amxo‘rlik qilishga undaydi. Bunda hatto asoslangan tavakkalchilikka ham yo‘l qo‘yilmaydi. Yevropa tadqiqotlari shuni ko‘rsatdiki, bolaligida ko‘chada o‘ynamagan va «tizzasi shilinmagan» bola katta bo‘lganda fobiyalardan(qo‘rquv) ko‘proq aziyat chekadi.

Bolalar bu normal holat ekanligini tushunishi uchun bir necha marta yiqilishiga to‘g‘ri keladi. O‘smirlar hissiy yetuklikka erishish uchun balog‘at yoshidagi muhabbatni boshdan kechirishi lozim.

Biz yordamga juda shoshilamiz.

Hozirgi yosh avlod vakillari 20—30 yil ilgari ularning tengdoshlari ega bo‘lgan ko‘plab hayotiy tajribalarga ega emas. Chunki ularning ota-onalari farzandining muammosini hal qilib berishga juda shoshiladi. Bunday tezkor yordam bolalarni murakkab vaziyatlardan chiqib ketishdan xalos etadi va ular muammolarni mustaqil hal qilish ko‘nikmasidan mahrum bo‘ladi.

Bu esa yetakchilik tamoyillariga zid hisoblanadi. Yoshlar turli qiyinchiliklarni chetdan yordam olmasdan hal qilish bilan tajribasini orttirishi lozim. Aks holda ular «Men biror xato qilsam yoki maqsadimga erisha olmasam, kattalar buni tuzatib qo‘yadi va oqibatlarini bartaraf etadi» degan fikrga ko‘nikib qoladi.

Bolalar juda osonlik bilan maqtov eshitadi

Bugungi sport to‘garaklarida hamma «g‘oliblar» yig‘ilgandek tuyuladi. «Har bir kishi mukofotga loyiq» tamoyili bolaga o‘zini qobiliyatli his qilishga yordam beradi. Biroq vaqt o‘tib, bolalar farzandini ajoyib deb hisoblayotganlar faqat ota-onasi ekanligini payqay boshlaydi va ularning obyektivligiga shubha paydo bo‘ladi.

Aybdorlik hissi yaxshi xulqni qoplab ketishiga imkon yaratamiz.

Bolalar har daqiqada sizni yaxshi ko‘rishi shart emas. U o‘ziga kerak bo‘lgan narsaga erishish uchun kurashishini istasangiz, unga «yo‘q», «hozir emas» kabi so‘zlarni ham vaqtida aytib turing. Bir nechta farzandi bor ota-onalar ulardan birini mukofotlab, qolganlarini ajratib qo‘yishni nohaqlik deb hisoblaydi. Biroq biz bu orqali omad bizning harakatlarimizga bog‘liq ekanligini bolalarga ko‘rsata olmaymiz.

O‘tmishdagi xatolarimiz bilan bo‘lishmaymiz.

Farzandingiz to‘g‘ri yo‘lni topishi uchun uning yoshida o‘zingiz yo‘l qo‘ygan xatolar haqida so‘zlab bering. Bunday vaziyatlarda nimalarni his qilganingiz va qanday xulosa chiqarganligingiz bilan ham bo‘lishing.

Bizning so‘zlarimiz harakatlarimizdan farq qiladi.

Ota-ona sifatidagi vazifamiz bolalarni o‘z so‘zi va harakatlari uchun javob bera oladigan inson qilib tarbiyalashdir. Biz o‘z uyimizda yetakchimiz, shuning uchun munosabatlarda faqat to‘g‘rilikka amal qilishimiz va shirin yolg‘on ertami-kechmi fosh bo‘lib, yosh xarakterni yemirishini tushunib yetishimiz lozim.

Ma’naviy tanlov chog‘ida sizni boshqa odamlar, ayniqsa farzandlaringiz kuzatib turganligini unutmang!

Maktab o‘rgatmaydigan 5 ta ko‘nikma

     

     

    Shunday ko‘nikmalar borki, ularni farzandingizga maktabda o‘rgatishmaydi. Ularni faqat oilada o‘rganish mumkin. Quyida ana shunday ko‘nikmalarning beshtasini keltiramiz:

    1.Savol berish

    To‘rt yoshlar atrofidagi bolalarga tinmay turli-tuman savollar berish xos. Bu to‘g‘rilik va hamma narsaga qiziqish bilan yo‘g‘rilgan ajoyib davrdir. Biroq bola ulg‘aya borishi bilan undagi bu ko‘nikma qayergadir g‘oyib bo‘ladi.

     

    Bola axmoqona savol berishdan va o‘qituvchi hamda tengdoshlarining norozi nigohlaridan qo‘rqib qoladi… Bu esa yomon, chunki savollar bermasdan turib sifatli ta’lim olishning deyarli imkoni yo‘q.

     

    Ota-onalar bolalarni hech kimdan qo‘rqmasdan savol berishga o‘rgatgani ma’qul, chunki bolalarning bunga haqqi bor. Shuningdek, farzandingiz berayotgan savollarga javob qidirishga yordam bering.

    2.O‘z muammolarini mustaqil hal qilish

    Hayot kishining oldiga turli vazifalarni qo‘yadi. Har doim ham farzandingizning yonida bo‘la olmasligingizni yodingizda saqlang. Shuning uchun ularga darhol yordam berishga shoshilmang.

     

    Bu xoh kiyimni to‘g‘ri kiyish, xoh fizikadan masala yechish bo‘lsin, bola mustaqil yechimini topishni o‘rgansin. Siz faqat to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib va qo‘llab-quvvatlab turing.

    3.Boshlagan ishni oxiriga yetkazish

    Farzandingizga o‘rnak bo‘ling, boshlagan ishlaringizni oxiriga yetkazing. Unga biror ishni boshlagandan so‘ng uni oxiriga qadar yetkazish va buning uchun mas’ul bo‘lishni o‘rgating.

    4.Hayotda o‘zini topish

    Aksariyat hollarda bugungi kundagi maktab bitiruvchilari hayotda nima qilishni, nima bilan mashg‘ul bo‘lishni bilmaydi. Ular oliy ta’lim muassasasiga do‘sti bilan birga o‘qish yoki ota-onasining maslahati bo‘yicha yo‘l oladi.

     

    Bu unchalik yomon emas, biroq inson hayotda o‘zi sevgan kasb bilan mashg‘ul bo‘lsa, shubhasiz yanada baxtliroq yashaydi! Keling, farzandimizning qaysi yo‘nalishga moyilligini aniqlab, uni rivojlantirishga harakat qilamiz.

     

    Bolalarni o‘zligini topishida ko‘mak beraylik!

    5.Atrofdagilarga nisbatan sabrli bo‘lish

    Faqat ota-onagina farzandiga atrofdagilarga nisbatan sabrli bo‘lishni o‘rgata oladi. Kishilar turli-tumandir, ularning o‘z qadriyatlari, o‘z qarashlari va fikrlari mavjud.

     

    Faqat shaxsiy namuna bo‘lish va ota-onaning say’-harakatlari bilan bolaga hammaga o‘xshamaslik va o‘ziga xos bo‘lish normal holat ekanligini ko‘rsatish mumkin.

    Yuqoridagi ko‘nikmalar farzandingizning hayot yo‘lida o‘z munosib o‘rnini topishiga ko‘mak beradi.